logo

Yig'uv korxonalari

«GM Uzbekistan» YoAK QK – yengil avtomobillarni ishlab chiqarish

O’zbekistonning Asaka shahrida joylashgan «GM Uzbekistan» YoAK QK 2008-yilning mart oyida “GeneralMotors” hamda “O’zavtosanoat” kompaniyalari hamkorligida tashkil etilgan edi. “O’zavtosanoat” AK mazkur korxona aksiyalarining 75%iga ega, qolgan 25% aksiyalar esa “GeneralMotors”ga tegishli. “GM Uzbekistan”da 9000 dan ortiq inson faoliyat ko’rsatadi, korxona yiliga 250 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqaradi. Avtomobillar ichki bozorda sotiladi va Rossiya kabi MDHning boshqa mamlakatlariga eksport qilinadi.

 

«SamAvto» MChJ – yuk mashinalari va avtobuslar ishlab chiqarish

Tijorat avtotransportlari (yuk mashinalari va avtobuslar) ishlab chiqaruvchi “SamAvto” MChJ zavodi O’zbekiston Respublikasining Samarqand shahrida joylashgan. Uning ta’sischilari bo’lgan “O’zavtosanoat” va “Asaka” aksiyadorlik banki qatoriga Yaponiyaning «ItochuCorporation» korporatsiyasi qo’shildi.

Korxona Italiya, Germaniya, Yaponiya Turkiya va Angliyadan keltirilgan yuqori texnologiyali uskunalar bilan jixozlangan. Texnologik jarayon loyihasida “egiluvchan ishlab chiqarish” tamoyili amal qiladi. Uning asosida raqamli boshqaruv dasturi yordamida texnologik uskunalardan maksimal darajada foydalanish yotadi. Mutaxassislar buyurtmachining xohishiga binoan, istalgan turdagi kuzovlarni ishlab chiqish uchun boy tajribaga ega.

 

«JV MAN UZBEKISTAN» MChJ QK – katta yuk texnikasini ishlab chiqarish

2009-yilning 4-sentabridan “SamAvto” MChJ ishlab chiqarish liniyalarida MAN yuk avtomobillarini yig’ish boshlandi. Bu 2009-yilning avgust oyida “O’zbeksanoat” AK va Germaniyaning «MAN Nutzfahrzeuge AG»  konserni muassisligida tashkil etilgan «JV MAN Auto – Uzbekistan» korxonasining ilk mahsuloti edi. Korxona aksiyalarining 51%i O’zbekistonga, 49%i esa, Germaniya tarafiga tegishlidir.

«JV MAN Auto-Uzbekistan» QKda MAN yuk mashinalari uchun ehtiyot (butlash) qismlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo’yicha ishlar olib borilmoqda. Ishlab chiqarilishi mahalliylashtilgan butlash qismlarining bir qismi MANning yuqori talablariga chidamliligi Germaniyada sinovdan o’tmoqda. 2013-yilning oktabr oyida Toshkentdagi Turin politexnika universitetida “MAN avtomobillari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish” mavzusida taqdimot marosimi bo’lib o’tdi. Unda MAN yuk mashinalari uchun mahalliylashtirilish taklif etilayotgan mahsulotlar ro’yxati bilan tanishish maqsadida “GM Uzbekistan” va “SamAvto” avtomobillari uchun butlovchi qismlari ishlab chiqarayotgan 200dan ortiq qo’shma va xususiy korxonalarning vakillari qatnashishdi.    

2008-yilning 28-oktabrida “O’zavtosanoat” va «General Motors» korporatsiyasi hamkorlikda motor agregat (dvigatel)larini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «GM Powertrain Uzbekistan» MChJ QKni yaratish bo’yicha Kelishuvni imzolashdi. «GM Powertrain Uzbekistan» MChJ QKning tashkil topishi O’zbekiston rivojining navbatdagi bosqichi bo’ldi. Korxona 1,2 va 1,5 litr hajmga ega DOHC dvigatellarini ishlab chiqaradi. Asakadagi avtomobil zavodidan chiqayotgan avtomobillarning ushbu dvigatellar bilan jihozlanadi. Dvigatellarning katta qismi esa, «General Motors»ning avto yig’ish zavodlariga eksport qilinadi.

tepaga