logo

Rahbarlarning rasmiy nutqlari

“O‘zavtosanoat” AK boshqaruv raisi o‘rinbosari R. F. Yusupovning  futbol bo‘yicha kompaniya tizimidagi korxonalar o‘rtasida o‘tkazilgan “Mustaqillik kubogi” da qilgan nutqi

24.08.2016

Hurmatli hamkasblar, aziz mehmonlar!

Qadrli do‘stlar, eng avvalo, barchangizni yaqinlashib kelayotgan Vatanimiz Mustaqilligining 25 yilligi, hamda “O‘zavtosanoat” AK jamoalari o‘rtasida, har yili o‘tkazib kelinayotgan futbol bo‘yicha chempionatning yakunlanishi bilan chin qalbdan tabriklashimga ruxsat bergaysizlar!

Mustaqilligimizning qutlug‘ shodiyonasi arafasida O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoati xodimlari o‘rtasida an'anaga aylangan “Mustaqillik kubogi” uchun musobaqalarning shunday kunlarda o‘tishi barchamizni quvontiradi. An'anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Kubok” musobaqalari korxonalar o‘rtasida nafaqat sog‘lom turmush tarzini, balki xodimlarning bir-birlariga bo‘lgan hurmat hamda  korporativ ruhini  yildan-yilga ko‘tarmoqda. O‘tmishga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ushbu ishlar va yutuqlar mustaqillik yillarida qilingan katta mehnatlar evaziga amalga oshirilganiga amin bo‘lamiz. Biroq shunga qaramasdan yurtimiz avtomobilsozligini yanada yuqori cho‘qqilarga  ko‘tarish maqsadida, bor kuch-qudratimizni ishga solib, faqat va faqat olg‘a intilishimizga  aminman. O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoati xodimlari o‘rtasida har yili bo‘lib o‘tadigan “Mustaqillik kubogi” faqatgina sport musobaqasi emas, balki, o‘z korxonasiga  va uning mavqeiga bo‘lgan ishonch hamdir.  Shuni aniq ayta olamizki, bu chempionat bizning sevimli an'anamizga aylangan. Chunki har yili bahorda start beriladigan futbol musobaqalarida sportchi guruhlar o‘z kompaniyalari sha'ni uchun kurashadilar.

Mana bugun yurtimizda  eng ulug‘, eng aziz ayyom-mustaqilligimizning qutlug‘ chorak asrlik bayrami kezib yurgan shunday kunlarda sizning “Mustaqillik kubogi” musobaqalarida ishtirok etganingiz uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ushbu musobaqalarning mana shu tarzda va bundan-da  yaxshiroq davom etishini istayman.

Hurmatli hamkasblar, qadrli mehmonlar va do‘stlar!

Barchangizni ulug‘ ayyom bilan chin qalbimdan yana bir bora tabriklayman. Ishlaringizda rivoj, oilangizga tinchlik-totuvlikni, kelgusi yillarda ham xuddi shunday ko‘tarinki ruh bilan birga bo‘lishimizni tilab qolaman. 

 


Yangi “CHEVROLET NEXIA” avtomobilining taqdimotidagi “O‘zavtosanoat” AK Boshqaruv raisi o‘rinbosari  Azimov K.A.ning nutqi.

28.05.2016

Yangi “CHEVROLET NEXIA” avtomobilining taqdimot marosimiga  kelganingiz uchun “O‘zavtosanoat” AK nomidan  minnatdorchilik bildirishga ijozat bergaysiz!

Barchamizga ma'lumki olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli dunyoning ba'zi  davlatlaridagi kabi  O‘zbekiston Respublikasida ham yildan-yilga barqaror iqtisodiy o‘sish kuzatilmoqda. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, avtomobilsozlik sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotidagi  eng yosh va  barqaror rivojlanib borayotgan tarmoqlardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining doimiy qo‘llab-quvvatlashi hamda mamlakatimizda avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish uchun qulay  sharoitlar  yaratilgani tufayli Chevrolet NEXIA loyihasi belgilangan muddatda amalga oshirildi.

Yangi “Chevrolet NEXIA” avtomobilini ishlab chiqarishning o‘zlashtirilishi “General Motors” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi samarali ishlarimizning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Barchaga yaxshi tanish bo‘lgan “NEXIA” avtomobilining  munosib avlodi yangi “NEXIA” modifikatsiyasi  xavfsizlik va qulaylikning zamonaviy  talablari  darajasida yaratilgan. Mazkur avtomobil avtomat uzatmalar qutisining yangi avlodi, mukammal ishlangan xavfsizlikni ta'minlovchi, shinalardagi havo bosimini nazorat qiluvchi, bolalar o‘rindiqlarini mustahkamlovchi bir qator tizimlar bilan jihozlangan .  

Shuningdek avtomobil tuzilishi ham piyodalarning havfsizligini ta'minlash bo‘yicha  qo‘yilgan talablarga to‘la javob beradi. Avtomobil inter’yerida esa o‘rindiqlarni va salonning orqa tarafini isitish tizimi ham mavjud.

Avtomobilni ishlab chiqarish ishlari Asaka avtomobil zavodida to‘liq siklda olib borilmoqda. 20 ta yirik mahalliylashtirish korxonalari esa mazkur yangi avtomobil uchun ham butlovchi qismlarni yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishdi. 

Avtomobil “General Motors Powertrain Uzbekistan” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan dvigatellar bilan jihozlanmoqda. Yangi avtomobil xaridorlarga besh bosqichli mexanik uzatmalar qutisi va olti bosqichli avtomat uzatmalar qutisi bilan taqdim etilmoqda. 

Yangi avtomobil rusumi  nafaqat yurtimiz va MDH davlatlarida balki, YAqin Sharq va Afrika davlatlarida ham sotiladi.

Yangi “NEXIA” qulaylik, tejamkorlik  va qator funksiyalarni o‘zida mujassam etgan avtomobillarga yorqin misol bo‘la olishi bilan «GM Uzbekistan» kompaniyasining  tarixidan munosib o‘rin egallashiga  ishonamiz.

Bizning taklifimizni qabul qilib,  quvonchimizni  biz bilan baham ko‘rayotgan hamkorlarimiz, hamkasblarimiz  va mehmonlarimizga  o‘z minnatdorchiligimni bildiraman!

E'tiboringiz uchun rahmat!


 


“O‘zavtosanoat” AK Boshqaruv raisi o‘rinbosari  Yusupov R.F.ning 2016 yil 8 mart-Xalqaro xotin qizlar kuni munosabati bilan kompaniya tizimida  faoliyat yuritayotgan ayollarga  tabrigi.

 

Mehribon va munis ayollarimizning ajoyib bayrami arafasida Siz aziz  ayollarimizni, xususan, bugungi kundagi qiyinchiliklarga qaramasdan kompaniyamizning ishlab chiqarish faoliyatiga o‘zining fidokorona mehnati bilan munosib hissasini qo‘shayotgan  munis opa-singillarimizni chin yurakdan tabriklayman.

Dunyoimizga charog‘onlik, har bir kunimizga quvonch bag‘ishlaganingiz, ochiqko‘ngil va cheksiz yaxshiliklaringiz uchun sizlarga katta rahmat.

Yаqinlaringiz, farzandlaringiz va oilangiz baxti uchun tinmasdan  qilayotgan mehnatingizdan minnatdormiz hamda cheksiz hurmat va mehr bilan  Sizlarni tabriklaymiz.

Sizlarning mehribonligingiz, g‘amxo‘rligingiz,  go‘zal va donoligingiz, qiyinchiliklarni yengib o‘tishdagi mahoratingiz doimo bizni lol qoldirgan.

Aziz ayollar, Sizga va oilangizga, yaqinlaringizga ish faoliyatida muvaffaqiyat, sog‘lik,  xonadoningizda esa ishonch va muhabbat hamroh bo‘lishini tilayman!



 

“O‘zavtosanoat” AK boshqaruvi raisi o‘rinbosari Azimov Qobil Odilovichning “Mustaqillik” bayrami munosabati bilan futbol bo‘yicha tarmoq ligasi finalidagi nutqi.

Hurmatli hamkasblar va bugungi bayram mehmonlari!

Mamlakatimiz mustaqilligining 24-yilligi, hamda “O‘zavtosanoat” AK jamoalari o‘rtasida futbol bo‘yicha har yili bo‘lib o‘tadigan chempionatning yakunlanishi bilan sizlarni tabriklashga ruxsat bergaysizlar!

Har yili O‘zbekiston avtomobilsozlik tarmog‘i korxonalari o‘rtasida “Mustaqillik kubogi”ning o‘tkazilishi nafaqat sport musobaqasi, balki bizning umumiy va sevimli an'anamizga aylanib qolganini ishonch bilan ayta olamiz. Har yili, aprel oyidan boshlab, kompaniyaning sportni sevadigan xodimlari o‘rtasida futbol birinchiligi uchun jamoaviy musobaqalar boshlanib ketadi. Yildan-yilga ishtirokchi jamoalar, hayratlanarli darajadagi yaxshi tayyorgarliklarini va ajoyib texnikalarini ko‘rsatayotganliklari quvonarli holatdir.

Bizlarning umumiy va sevimli bayramimiz bo‘lgan “Mustaqillik kubogi” nafaqat ajoyib futbol o‘yinlari bilan, balki “O‘zavtosanoat” AK xodimlari va ularning oilalari uchun yorqin xotiralar qoldirishi bilan ham mashhur bo‘lib bormoqda. Futbol o‘yinlari doirasida bizning katta kompaniyamiz xodimlari o‘rtasida sport va o‘rtoqlik aloqalari ham mustahkamlanib bormoqda.

Ushbu chempionat yildan-yilga, yangi va yangi ishtirokchilarni sog‘lom hayot tarziga jalb qilib, yanada katta mashhurlikka ega bo‘lishiga umid qilib qolaman!


O’zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri O’rinbosari -“O’zavtosanoat” AK boshqaruvi raisi U.U. Rozukulovning Tarmoqlararo sanoat yarmarkasi va Kooperatsion birjasi ochilish marosimida qilgan nutqi.

 

Hurmatli xonimlar va janoblar! Hurmatli mehmonlar! Tarmoq sanoat yarmarkasi va Kooperatsion birjasi ishtirokchilari! Sizlarni O'zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan samimiy tabriklashga ruxsat bersangizlar.

Ma'lumki, Hukumat tomonidan iqtisodiyotning barcha tarmoqlari o'rtasidagi o'zaro kooperatsion aloqalarini yanada chuqurlashtirish, mamlakatimiz korxonalarida import o'rnini bosuvchi va eksportbop yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishga katta e'tibor berilmoqda hamda korxonalarning faol ishlashlari uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

O'tgan VIII Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsion birjasi doirasida Kompleks korxonalari tomonidan 2015 yilda mahsulotlarni respublika ichida etkazib berishga, 2 trln. 930 mlrd. so'mlik shartnomalar tuzilib, joriy yilning yanvar-mart oylarida 690 mlrd.so'mlik, ya'ni o'tgan yilga nisbatan 1,4 barobar ko'p mahsulot etkazib berildi.

Hurmatli mehmonlar va yarmarka ishtirokchilari! Bugungi yarmarkada Kompleks tarkibiga kiruvchi “O'zavtosanoat”, “O'zeltexsanoat”, “O'zagrosanoatmashxolding” kompaniyalari, “Toshkent mexanika zavodi”, “O'zklass agro”, “Chirchiq-Lemken” qo'shma korxonalari hamda sohaga taalluqli kichik va o'rta biznes korxonalaridan iborat jami, 180 ga yaqin korxonalar qatnashmoqda va ularning mahsulotlari jumladan, yangi o'zlashtirilgan turli “MAN” “ISUZU” maxsus texnikalari, yangi “LE-60” rusumli shahar uchun mo'ljallangan avtobusi, “TTZ LS” rusumli haydov, chopiq va bog'dorchilik traktorlari, yangi turdagi zamonaviy makkajo'xori o'rish texnikasi, mineral-organik o'g'it sepish texnikasi, turli osma texnikalar va purkagichlar, yangi maishiy texnikalar turlari va boshqalar Sizlarning e'tiboringizga taqdim etilmoqda.

Yarmarka davomida korxonalar va ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar to'g'risida taqdimotlar sizga havola etiladi. O'ylaymanki, ushbu Tarmoq yarmarkasida o'tgan yilga nisbatan yanada ko'proq shartnomalar imzolanadi va Kompleks korxonalari o'rtasida yanada kengroq kooperatsion aloqalar o'rnatiladi.

Hurmatli mehmonlar va yarmarka qatnashchilari! Sizlarga Kompleks korxonalari o'rtasidagi o'zaro kooperatsion aloqalarni yanada rivojlantirish va shu asosda yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishdagi kelgusi ishlaringizga muvaffaqiyatlar tilayman!

Tarmoq yarmarkasini “Ochiq” deb e'lon qilaman. E'tiborlaringiz uchun rahmat!

tepaga